O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Dehqonobod tumanida “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatimizda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida bosh qomusimizning o‘rni va ahamiyatini keng yoritishga xizmat qildi.
Tadbirni tuman hokimi Sherzod Shokirov ochib, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi. O‘z nutqida u Konstitutsiya xalqimizning asriy orzu-intilishlarini mujassam etgan eng oliy huquqiy hujjat ekani, unda inson qadri, erkinliklar, tenglik va adolat tamoyillari ustuvor ekani haqida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng Dehqonobod tumani prokurori Otabek Usanov hamda Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi sudyasi Shahzod Baxtiyorovlar ham bayram tabriklarini yo‘lladilar. Ular Konstitutsiya nafaqat huquqlarni belgilab berishi, balki davlat organlari zimmasiga fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha aniq vazifalarni yuklayotgani haqida fikr bildirdilar. Shuningdek, bosh qomusning jamiyatda adolat, barqarorlik va tartibni ta’minlashdagi beqiyos ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir badiiy chiqishlar bilan yanada fayzli tus oldi. 97-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining Milliy gvardiya yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilari Vatanga sadoqat, matonat va fidoyilikni tarannum etuvchi chiqishlari bilan yig‘ilganlarda iliq taassurot qoldirdi. Shuningdek, baxshilar ijrosidagi terma va dostonlar, 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi hamda tuman madaniyat bo‘limi xonandalarining jonli ijrolari tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Tadbir davomida Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni, unda belgilangan asosiy tamoyillar va ular amalda qanday namoyon bo‘layotgani haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa yoshlarning huquqiy ongini mustahkamlash, ularda fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish borasidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan ushbu bayram tadbiri Konstitutsiyamizda belgilangan inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat tamoyillarini keng targ‘ib qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirishga qaratilgan ezgu ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.








